Teokratiya
Teokratiya (yun. theos — xudo va ...kratiya) — davlat boshqaruv shakli, bunda davlat (odatda, monarxiya davlati)ning boshligʻi bir vaqtning oʻzida diniy boshliq ham hisoblanadi. Teokratik davlatlar qadimdan maʼlum. Masalan, Iudeyada mil. av. 5—1-asrlarda bosh ruhoniy, yaʼni oliy kohin davlat hokimiyatining toʻliq egasi boʻlgan. Oʻrta asrlardagi umaviylar va abbosiylar xalifaligi teokratik davlatlar edi. Iyezuitlar 17-asrda Paragvayda tashkil etgan teokratik davlat ham maʼlum; imom Shomilning Chechenistonda va 19-asrda Kavkazni istilo qilish paytida chor qoʻshinlariga uzoq vaqt qarshilik koʻrsatgan Chechenistonga yaqin hududlardagi boshqaruvi teokratik xususiyatga ega boʻlgan. Papa viloyati 1870-yilda Italiya birlashishidan oldin teokratik davlat boʻlgan edi. 1951-yil Tibet XXRga qoʻshilgunga qadar Dalaylama (lama ruhoniylarining rahbari) Tibetdagi dunyoviy hokimiyatni ham boshqargan. Rim katolik cherkovining oliy rahbari Papa bir vaqtning oʻzida Vatikan davlatining ham boshligʻi hisoblanadi. Teokratik tamoyillar fukerolar ijtimoiy va shaxsiy hayotining barcha tomonlari (diniy bayramlar va marosimlarga davlat maqomi berilishi, sud ishlari diniy qonunlar boʻyicha yuritilishining tiklanishi, boshqa din vakillari quvgʻin qilinishi va shu kabi) diniy tartiblar orqali belgilanishi kuchayishi bilan kechadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |