Kontent qismiga oʻtish

Sifat (falsafa)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sifat — falsafada obyektning muhim belgilarini ifodalaydigan falsafiy tushuncha. Sifat obyekt tarkibiy qismlarining oʻzaro turgʻun munosabatlarini aks ettiradi, bu munosabatlar bir obyektni ikkinchi obyektdan ajratib turadigan oʻziga xos tomonlarini anglatadi. Shu bilan birga sifat bir turdagi obyektlarga xos umumiylikni ham ifodalaydi. Sifat tushunchasini dastlab Aristotel taxlil qilgan. U sifatni narsalarga nisbatan aksidensiya deb taʼriflaydi. Ibn Sino esa sifatni narsalarning ajralmas xususiyati, oʻz-oʻzicha mavjud emas deb hisoblaydi. Yangi davr falsafasida birlamchi va ikkilamchi sifatlar tushunchasi shakllangan. Gegel sifatga borliq bilan aynan boʻlgan muayyanlik deb taʼrif bergan. Uning fikricha, sifat yoʻqolishi bilan predmetning oʻzi ham yoʻqoladi. Obyektiv olamdagi narsalar oʻzgarishda va rivojlanishda boʻlishi bilan birga, ular nisbatan barqaror yaxlitlikka ega boʻlib, muayyan buyum yoki narsa koʻrinishi (sifat)da namoyon boʻladi. Biron narsaning aynan shu narsa ekanligini koʻrsatuvchi jihati uning sifatidir. Sifat predmetning ichki mohiyatini, ichki va tashqi aloqadorliklari birligini ifodalaydi. Sifat predmetning miqdor xususiyatlari bilan chambarchas bogʻlangan. Mas, suv kimyoviy tarkibiga koʻra 2 vodorod atomining 1 kislorod atomiga birikishidan hosil boʻlgan. Agar atomlar nisbati oʻzgarsa suv boshqa sifatli kimyoviy moddaga aylanishi ham mumkin. Suvning fizik xossasiga koʻra u 0° dan + 100° gacha boʻlgan haroratda oʻzining suyuklik sifatini saqlaydi, 0° dan past haroratda muzga aylanadi, +100° dan yuqori haroratda bugʻ, yaʼni gaz holatiga oʻtadi. Bu yerda miqdor oʻzgarishining sifat oʻzgarishiga aylanishini kuzatish mumkin. Hozirgi zamon falsafasida sifat narsalarning ichki va tashqi muayyanligi, narsaning bir qator xossa, belgi, xususiyatlari birligini ifodalaydi, deb taʼriflanadi. Sifatni predmetning xossalari, belgi yoki xususiyatlari bilan aralashtirmaslik lozim. Sifat predmetning nisbiy barqarorligini, doimiyligini, umumiyligini ifodalasa, xossa va xususiyatlar predmetning muayyan tomon va belgilarini, boshqa predmet va hodisalar bilan aloqadorliklarida namoyon boʻladigan jihatlarini ifodalaydi. Falsafada sifatlar tabiiy sifatlar va ijtimoiy sifatlarga ajratiladi. Tabiatda narsa va hodisalarning muayyan jihatlarini, jismiyligini, fazovaqt tuzilishini, energetik holatini, tarkibini ifodalovchi sifat tabiiy sifat deyiladi. Inson faoliyati bilan bogʻliqboʻlgan, kishilarning birbiri va tabiat bilan aloqadorliklari natijasida vujudga kelgan sifat ijtimoiy sifat deyiladi. Ijtimoiy sifat individual va ijtimoiy ong vositasida insonning mehnat faoliyati tufayli vujudga keladi. Ijtimoiy sifat oʻz navbatida funksional va sistemaviy sifatlarga boʻlinadi. Funksional sifatga ega boʻlgan obyektlar majmuasi ikkinchi tabiat deb ham ataladi. Unga inson tomonidan yaratilgan narsalar (uy, mix, traktor, samolyot va boshqalar) kiradi. Kishilarning muayyan ijtimoiy munosabatlari majmuini ifoda etuvchi sifat sistemaviy sifat deyiladi. Bunday sifat muayyan buyumda ijtimoiy aloqadorliklar sharoitidagina mavjud boʻladi, bunday aloqadorliklardan tashkarida esa u yoʻqoladi. Odam narsalarning vujudga kelish, rivojlanish, yemirilish, yaʼni boshqa sifatlarga ega boʻlgan yangi narsalarga aylanish jarayonlaridan iborat. Sifatning oʻzgarishi muayyan obyektning boshqa obyektga aylanganligini bildiradi. Sifat tushunchasi insonning obyektiv reallikni bilishidagi maʼlum bosqichni ifodalaydi. Bilish Sdan miqdorga va soʻng ularning birligi — meʼyorga qarab boradi. Har qanday predmet sifat va miqdor birligidan iborat.

  • Ibn Sina, Danishname, Moskva, 1980.
  • Falsafa (maʼruzalar matni), Toshkent, 2000.