Jaunpur sultonligi
Jaunpur sultonligi Tarixiy musulmon davlati | ||||
| ||||
---|---|---|---|---|
Poytaxti | Jaunpur | |||
Til(lar)i | Fors, hind va arab tillari | |||
Dini | Sunniy islom | |||
Boshqaruv shakli | Sultonlik monarxiyasi | |||
Sulola | Sharqiylar sulolasi | |||
Sulton | ||||
- 1394—1398 | Malik Sarvar | |||
- 1358—1378 | Husaynshoh | |||
Jaunpur sultonligi (1394—1478) — hijriy 796—883-yillar, milodiy 1394—1478-yillar oraligʻida Hindistonning shimoliy va sharqiy qismlari (hozirgi Uttar-Pradesh va Bihar shtatlari hududi)da hukmronlik qilgan oʻrta asrlardagi sunniy musulmon davlati. Sultonlik asoschisi — Malik Sarvar. Hukmronlik qilgan sulola — Sharqiylar sulolasi. Poytaxti — Jaunpur shahri. Sulton Ibrohimshoh davrida oʻz qudratining eng yuqori cho��qqisiga erishdi[1].
Poytaxt
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jaunpur shahri Gumti (Gomti) daryosining bo‘yida, Banoras shahrining shimol tomonida joylashgan. Keyinchalik Bihar va Aud viloyatlari o‘rtasidagi chegara shu yerdan o‘tgan. Bu shaharga 1359-yilda Tug‘luqiy Feruzshoh III ibn Rajab asos solgan. U shaharni amakisi va homiysi Muhammad II ibn Tugʻluq sharafiga Jaunpur deb atagan ekan. Muhammadshoh II Tugʻluqning nomlaridan biri esa Jaunashoh (yovana — kelgindi so‘zidan) bo‘lgan ekan. XV asrga kelib Jaunpur Dehli sultonligi va Bengaliya sultonligi orasida joylashgan qudratli musulmon davlatining poytaxti bo‘lib qoldi, Jaunpur sultonlari esa shu hududdagi musulmon madaniyatining ravnaqida katta o‘rin tutdilar. Hatto Jaunpurni «Sharq Sherozi» deb atay boshladilar[2].
Tashkil topishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sulolaga asos solgan Malik Sarvar haram og‘asi bo‘lib, so‘nggi Tug‘luqiy Mahmudshohning qo‘lida vazir (1392-yil)[3] bo‘lgan. 1394-yilda u xo‘jayinining buyrug‘i bilan Audni bosib olib, shu yerning hukmdori bo‘lib qoladi. Malik Sarvar „maliku-sh-sharq“ degan unvonni oladi. Shuning uchun sulolaning nomi „Sharqiylar“ deb atalib kelingan.
Mustaqillik
[tahrir | manbasini tahrirlash]Malik Sarvarning asrandi o‘g‘li Muborakshoh Amir Temur Hindistonga yurish qilgandan keyin yuzaga kelgan alg‘ov-dalg‘ovdan foydalanib, o‘zini mustaqil hukmdorday tuta boshladi. Muborakshoh o‘zining nomiga tanga zarb qildiradi va o‘z nomini juma namozlarida xutbaga qo‘shib o‘qishga farmon beradi.
Ibrohimshoh davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sharqiy sultonlari ichida eng atoqlisi Muborakshohning ukasi Ibrohim edi. U deyarli qirq yil mobayni (1402—1440[4])da hukmronlik qilgan. Uning saltanatida sulola o‘z qudratining eng yuksak pog‘onasiga ko‘tariladi. Jaunpurda musulmon me’morchiligining ajoyib mahalliy maktabi shakllanadi. Ibrohimning o‘zi keng fikrlik, ma’rifatli odam boʻlib, olimlar va yozuvchilarga homiylik qilardi.
Sultonlikning keyingi davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Harbiy yurishlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sharqiylarning keyingi sultonlari Lo‘diylar sulolasiga mansub Dehli sultonlariga qarshi urushda ishtirok etishdi. Ular Gvaliyor ustiga harbiy yurishlar qilib turishadi, ammo ularning eng samarali harbiy yurishi Orissaga qilingan yurish boʻlgan. Musulmon yilnomalarining ko‘rsatishicha, Jaunpur qo‘shini o‘sha paytda Hindistondagi eng katta qo‘shin bo‘lgan.
Tugatilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sharqiy sulolasiga mansub so‘nggi sulton Husayn bir gal Dehli darvozasigacha yetib borgan, ammo Lo‘diylar sulolasiga mansub sulton Bahlul Loʻdiy ham uning hujumiga javob tariqasida Jaunpurni qamal qilib olgan. U Husaynni tor-mor keltiradi va Husayn Bengaliya sultonligiga qochib ketadi, Jaunpur esa Dehli sultonligiga qoʻshib olinadi[5].
Jaunpur sultonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]T/r | Hukmdorlar | Hukmronlik yillari |
---|---|---|
1. | Malik Sarvar | 1392/1394—1398 |
2. | Muborakshoh | 1398—1402 |
3. | Shamsiddin Ibrohim | 1402—1440 |
4. | Mahmudshoh | 1440—1457 |
5. | Muhammadshoh | 1457—1458 |
6. | Husaynshoh | 1458—1478 |
1478—1479-yillarda Lo‘diylar sulolasiga mansub Dehli sultonlari bosib olgan[7].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Bosvort K. E. Musulmon sulolalari. – T.: „Fan“, 2007.
- ↑ Bosvort K. E. Musulmon sulolalari. – T.: „Fan“, 2007.
- ↑ Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. 440-bet.
- ↑ Сычев Н.В. Книга династий. – Москва: АСТ:Восток-Запад, 2008. – Стр. 535.
- ↑ Bosvort K. E. Musulmon sulolalari. – T.: „Fan“, 2007.
- ↑ Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. 440-bet.
- ↑ Bosvort K. E. Musulmon sulolalari. – T.: „Fan“, 2007.