Kontent qismiga oʻtish

Bosqon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oddiy bosqonlar

Bosqon yoki bozgʻon — 1) katta zalvar bolgʻa. Qadimgi ishlab chiqarish qurollaridan biri. Poʻlatdan yasaladi, ogʻirligi 4—6 kg, yogʻoch dastasining uzunligi 1 m gacha boʻladi. Qizigan poʻlat yoki temirni sandonda bosqon bilan urib yalpoqlanadi. Ayrim joylarda, chunonchi Samarqandda temirchilarning dami ham bosqon deyiladi; 2) yuqoridan tushadigan zarb kuchi hisobiga metall xom ashyoga bosim bilan ishlov beradigan mashina. Qoʻl kuchi bilan ishlatiladigan dastlabki bosqon — richagli bosqon 13—14-asrlarda maʼlum boʻlgan. 16-asr boshlarida charxpalakdan harakatlanadigan bosqon paydo boʻldi, 18-asrda charxpalaklar oʻrnini bugʻ kuchidan, keyinchalik havo kuchidan foydalanib ishlaydigan bosqon egalladi. 20-asr boshlaridan elektr yuritmali bosqonlar, 1940-yillarda portlama bosqonlar, 1950-yillarda gaz bosqonlari yaratildi. Vazifasiga koʻra, bolgʻalash va shtamplash bosqonlariga; harakatlantirish vositasiga koʻra, bugʻhavo, pnevmatik (havo), mexanik, gidravlik (suyuqlik), portlama, gaz elektrmagnitli bosqonlarga boʻlinadi. Ishlash usuliga koʻra, oddiy (tushuvchi) va qoʻsh harakatli (tushuvchi qismlari qoʻshimcha tezlashtirilgan) bosqonlar buladi.

Bosqonning asosiy qismlari: porshen, shtok va baba (muxra); shabot (zalvor asos), stanina, yuritma va boshqarish mexanizmlari. Bosqon temirchilik shtamplash ishlab chiqarishining asosiy mashinalaridan biri hisoblanadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil