Abad (Islom dinida)
Abad أبد
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abad (arabcha, so‘ngi yo‘q, mangulik, tasavvuf) — cheksizlik, davomiylik, nihoyasizlik, so‘ngi yo‘q zamon, biroq ibtidosi bor vaqt o‘lchovi. Abad azalning davomi. Azalning ibtidosi yo‘q, biroq intihosi bo‘lishi mumkin. Azal-abad esa, ibtidosi ham, intihosi ham yo‘q cheksizlikdan iborat. Abad istilohi diniy va dunyoviy talqinda qo‘llaniladi. Dunyoviy talqinda vaqt yoki zamonning doimiyligi, cheksizligini anglatadi.
Ishlatilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tasavvufiy maʼnoda abad shunday muddatki, uning nihoyasini inson aqli tasavvur qila olmaydi. Abad nihoyasizlikka qarab, yagona Yaratuvchining mavjud va doimo harakatda bo‘lishi, nihoyasiz mavjudlikdir. Ayni tushuntirish Sayyid Sharif Jurjoniyning "At-Ta’rӣfāt" asarida keladi. Eron tasavvuf olimi Sayyid Jaʼfar Sajjodiy „Irfoniy istilohlar va iboralar lug‘ati“da[1] mazkur taʼrifni kengroq tushuntirgan. Ibn Sino zamonning cheksiz davomini abad deb anglatgan bo‘lsa, al-Kindiy asarlarida o‘zining davom etishi uchun boshqaga muhtoj bo‘lmagan va borlig‘i sababga bog‘lanmagan doimiylik, deb taʼriflangan. At-Tusiyning talqiniga ko‘ra, abad Allohdan boshqa narsa va hodisalarga ham qo‘llanishi mumkin, biroq abad va azal deb Allohdan boshqalarga nisbat berilmaydi.
Abadga tasavvuf falsafasida Yaratuvchining sifatlari tarzida ham qaraladi. Qaysariy "Kashshāf istilāhāt al-funӯn" („Fan istilohlarining kashf etilishi“) asarida ushbu fikrni davom ettirib, abadning azaliyligi va azalning abadiyligini taʼriflaydi. Uningcha, azal va abad Allohning ikki sifati bo‘lib, uning mavjudligi zaruriyati (vojibul-mavjud) inson aqli orqali tushunilishi uchun zamonga nisbat berilgan. Navoiy asarlarida ham abad Allohning doimiy mavjudligi hamda nihoyasizlik, so‘nggi yo‘q zamon maʼnolarida qo‘llanilgan:
Zihi nihoyating oxir kelib abad avval,
Vale xabar bera olmay bidoyating‘a azal.
(Navoiy. Navodir ush-shabob. IV, 368-g‘azal)
Har kishiga umrida bu navʼ bir
kun bersa dast,
To abad g‘am yo‘q agar bo‘lsa
yana yo bo‘lmasa.
(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 24-g‘azal)
Hayotingiz zuloli abadg‘a degincha joriy va davlatingiz quyoshi qiyomatg‘acha zavol kasofatidin oriy bo‘lsun, omin.
(Navoiy. Munshaot. 138-maktub)
~ nuqtasi - go‘zallikning doimiy va o‘zgarmas belgisi (ayrim hollarda yagona bir dona xol):
Ey safhai ruxsoring azal
xuttidin insho,
Debochai husnungda abad
nuqtasi tug‘ro.
(Navoiy. Gʻaroyib us-sig‘ar. III, 23-g‘azal)
~ umri — tuganmas, boqiy umr:
Ko‘yida o‘lsam, abad umricha bor
bu umr agar,
Qilmasa xorij tanimni,
itlariga sudratib.
(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 41-g‘azal)
Ey, Navoiy, gar nasibingdur
abad umri kerak
Xotiringda yordin o‘zga
tamanno bo‘lmasa.
(Navoiy. Favoyid ul-kibar. VI, 15-g‘azal)
~ hayoti — tuganmas, mangu hayot:
Abad hayoti kabi vaslig‘a
yetishkuncha,
Firoq mahlakasi ichra umr
omon bermas[2].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- (Navoiy. Badoyeʼ ul-vasat. V, 245-g‘azal). Alisher Navoiy. MAT. – T.: «Fan», 1991. 18–22;
- Falsafa. Qomusiy lug‘at. – T.: Sharq NMAK, 2004. 5–6;
- ANATIL. – T.: «Fan», 1983. I, 21; O‘zME. – T.: 2000. I, 13.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Sayyid Ja’far Sajjodiy. Farhangi istilohot va ta’birot irfoniy. – Tehron: 1438;.
- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |